AQSh Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini $500 mln gacha kengaytirish dasturini ishlab chiqdi
AQSh Grenlandiyadagi Pituffik bazasini kengaytirish dasturini ishlab chiqdi; qurilish ishlari qiymati $250–500 mln deb baholanmoqda.
Material manbasi · Newsroom

27 noyabrda Grenlandiya shimoli-gʻarbidagi Pituffik kosmik kuchlar bazasida AQSh harbiy infratuzilmasini kengaytirish rejalari maʼlum boʻldi. Tayyorgarlik ishlari allaqachon davom etmoqda: AQSh Armiya muhandislik korpusi alohida loyihalash boʻyicha shartnoma tuzdi va pudratchilar bilan loyihani muhokama qilmoqda.
Hujjatlarda aviatsiya texnikasi uchun uchta angar-boshpana, samolyotlarga xizmat koʻrsatish binosi, texnikani korroziyadan himoyalash obyektlari va aviatsiya operatsiyalari infratuzilmasini modernizatsiya qilish koʻzda tutilgan. Shuningdek, stealth texnologiyalariga ega samolyotlarga xizmat koʻrsatish hamda maxfiy operatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash alohida qayd etilgan.
Loyiha Arktika sharoitiga moʻljallangan: unda elektr taʼminoti, isitish va suv taʼminotiga qoʻshimcha mablagʻ kiritish nazarda tutilgan. Ishlar dastlabki operativ tayyorgarlikka erishish bosqichiga taalluqli.
Tashabbus AQSh, Daniya va Grenlandiya 22 sentyabrda Nyu-Yorkda imzolagan xavfsizlik kelishuvini Daniya ratifikatsiya qilganidan keyin ilgari surildi. Hujjat Vashingtonning Pituffikdagi imkoniyatlarini kengaytiradi va Narsarsuaq hamda Mestersvigda qoʻshimcha obyektlar barpo etishga yoʻl qoʻyadi. Pituffik Shimoliy qutb doirasidan qariyb 1 200 km shimolda joylashgan va AQSh hamda Kanadani ballistik raketalarning ehtimoliy zarbalaridan himoya qilish uchun ishlatiladi.
