Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

KinoYangilandi 26.11.2026, 15:09

«Qasoskorlar: Doktor Dum» final treyleri bir sutkada 563 mln marta koʻrildi va Disney rekordini oʻrnatdi

Rolik kino treylerlari tarixidagi eng koʻp koʻrilgan ikkinchi treylerga aylandi. U faqat «Oʻrgimchak odam 4» treyleridan ortda qoldi.

Material manbasi · spotlight

deadline.com

Marvelʼning «Qasoskorlar: Doktor Dum» filmi final treyleri eʼlon qilinganidan keyingi dastlabki 24 soat ichida 563 mln marta koʻrildi. Deadline nashri WaveMetrix tahliliy kompaniyasiga tayanib xabar berishicha, bu Disney tarixidagi eng yaxshi natija. Avvalgi rekord ham shu filmning 503 mln marta koʻrilgan ilk tizeriga tegishli edi. Taqqoslash uchun, «Dedpul va Rosomaxa» promoroligi 2024 yilda 365 mln marta koʻrilgan.

Barcha kino treylerlari orasida «Doktor Dum» natijasi faqat Sony Picturesʼning «Oʻrgimchak odam: Butunlay yangi kun» roligidan ortda qoldi. U dastlabki sutkada 718,6 mln marta koʻrilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriya faolligi ham kam taʼsirchan boʻlmadi: treyler 24 soat ichida qariyb 1 mln marta tilga olindi. YouTubeʼda rolik bir vaqtning oʻzida eng ommabop kino videolari reytingida dastlabki uchta oʻrinni egalladi. Film premyerasigacha boʻlgan teskari sanoq translyatsiyasini bir vaqtning oʻzida 306 minggacha tomoshabin kuzatdi.

Agar filmning barcha reklama materiallari, jumladan aktyorlar tarkibi haqidagi eʼlonlar, tizerlar va treylerlar hisobga olinsa, ularning jami auditoriyasi 3,3 mlrd marta koʻrishga yetdi.

Loyihaga avval «Qasoskorlar: Cheksizlik jangi» va «Qasoskorlar: Final» filmlarini suratga olgan Jo va Entoni Russo rejissyorlik qildi. Filmda Robert Dauni-kichik, Kris Evans, Kris Hemsvort, Pedro Paskal, Ian MakKellen va Patrik Styuart ishtirok etadi. Styuart professor Charlz Ksave rolini yana ijro etadi. Bu uning kinodagi soʻnggi ishi boʻldi: aktyor 2026 yil 29 oktyabrda 86 yoshida vafot etdi.

«Qasoskorlar: Doktor Dum» filmining jahon premyerasi 2026 yil 18 dekabrga rejalashtirilgan.