Feldmarshal Haftar Anqarada Turkiya rahbariyati bilan uchrashmoqda
Liviya milliy armiyasi bosh qoʻmondoni Xalifa Haftar ilk bor Anqaraga kelib, Turkiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari bilan uchrashdi.
Material manbasi · Globo

Haftar, shuningdek, energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar, Bosh shtab boshligʻi Selchuk Bayraktaroʻgʻlu hamda Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin bilan uchrashdi.
Safarda unga oʻgʻillari — Liviya milliy armiyasi qoʻmondoni oʻrinbosari, general Saddam Haftar, Liviya milliy armiyasi shtab boshligʻi Xolid Haftar va Liviya taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasi rahbari Belqosim Haftar — hamrohlik qilmoqda.
Turkiya soʻnggi yillarda Liviya mojarosining har ikki tomoni bilan aloqa kanallarini saqlab kelmoqda. Muammar Qaddafiy 2011-yilda agʻdarilganidan keyin Liviyada ijro hokimiyatining ikki organi faoliyat yuritmoqda: BMT qoʻllab-quvvatlaydigan Tripolidagi hukumat va mamlakat sharqidagi, Liviya milliy armiyasi qoʻllab-quvvatlaydigan muvaqqat hukumat.
