Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

IqtisodiyotYangilandi 27.11.2026, 09:52

Oʻzbekiston Milliy banki kreditlashni 43 trln soʻmgacha oshirmoqchi

Uzmilliybank 2027-yilda kreditlashni 43 trln soʻmgacha yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga maʼlum qilindi.

Material manbasi · Chronicle

«Uzmilliybank» AJ faoliyati taqdimotida prezident Shavkat Mirziyoyevga bankning iqtisodiyot, investitsiya loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash rejalari taqdim etildi.

Bank 2026-yilda mijozlarga 38,5 trln soʻmlik kredit ajratishni rejalashtirmoqda. Shundan 28,2 trln soʻm yuridik shaxslarga, 10,3 trln soʻm esa jismoniy shaxslarga yoʻnaltiriladi.

Oʻtgan davrda bank sanoat, infratuzilma va boshqa muhim tarmoqlardagi 2 mingta loyihani amalga oshirish uchun 15 trln soʻm yoʻnaltirdi. Qurilish sohasidagi 235 ta loyihaga yana 1,7 trln soʻm ajratildi.

Shuningdek, bank yoshlar va bitiruvchilarning biznes loyihalarini kreditlashni 618 mlrd soʻmgacha oshirmoqchi. Bu yana qariyb 10 ming nafar yosh uchun ish oʻrinlari yaratish imkonini berishi kutilmoqda. Bankka biriktirilgan 1 188 ta mahallada 13 mingta mikroloyiha shakllantirildi. Ularga 2,8 trln soʻm ajratish rejalashtirilgan; bu 178 ming kishining bandligini taʼminlashi kutilmoqda.

Mirziyoyev bank resurslarini, avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalar, eksportni kengaytirish va barqaror ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirishni topshirdi. Bank rahbariyatiga kreditlar samaradorligini oshirish va istiqbolli loyihalari bor tadbirkorlarga faolroq koʻmaklashish ham topshirildi.