BYD Whale miniveni 2026-yilgi Guanchjou avtosalonida ilk bor 900 km yurish zaxirasi bilan namoyish etildi
BYD Guanchjou avtosalonida Whale modelini taqdim etdi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, minivenning elektr versiyasi CLTC sikli boʻyicha 900 km gacha yura oladi.
Material manbasi · Autoblog

Whale BYDʼning Ocean qatoridagi ilk koʻp maqsadli avtomobil boʻldi. Minivenning uzunligi 5270 mm, eni — 1996 mm, balandligi — 1815 mm, gʻildirak bazasi — 3130 mm. Model seriyadagi boshqa avtomobillar uslubidagi dizayn hamda tomga oʻrnatilgan lidar bilan jihozlangan. Interyer hozircha ochiqlanmagan, biroq avtomobil 2+2+3 sxemasi boʻyicha yetti oʻrindiqli boʻlishi mumkin.
Xitoyda miniven ikki xil variantda sotuvga chiqariladi: elektr tortish tizimida 400 km yurish zaxirasiga ega plug-in gibrid va CLTC boʻyicha 900 km gacha koʻrsatkichga ega toʻliq elektr versiya. Akkumulyatorlar va boshqa texnik xususiyatlar haqidagi maʼlumotlar hozircha eʼlon qilinmagan. Har ikki modifikatsiya ham tezkor quvvatlash imkoniyatiga ega boʻladi: quvvat darajasini 10 foizdan 97 foizgacha toʻldirish uchun toʻqqiz daqiqa kifoya qiladi.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Whale avtomobilining Xitoydagi savdolari 2027-yilning birinchi choragida boshlanadi. Taxminiy narxi qariyb 42 000 dollarni tashkil etadi. Avtomobil Godʼs Eye haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlanadi: BYD taʼrifiga koʻra, tizim manzildan manzilgacha yoʻnalish tuza oladi va haydovchi nazorati ostida avtomobilni mustaqil boshqaradi.
